"Umumiy fizika" kafedrasi
Fizika kafedrasi 1935 yili asos solingan bo`lib, u «Fizika-matematika» kafedrasi deb atalgan va unga dotsent M.V.SHeglov rahbarlik qilgan. Shu yillari mahalliy tilni biladigan S.B.Bulatov kafedraga o`qituvchi etib olindi. So`ng 1936 yili U.B.Buleshev, 1937 yili M.G.Galikeevlar oliy ta`lim yurtini tugatgandan keyin kafedraga o`qituvchi etib ishga qabul qilindi. Ular shu davrda fizikadan va matematikadan darslar o`qitardi.
1939 yili birinchi marotaba S.B.Bulatov tomonidan tuzilgan qoraqalpoqcha fizikadan terminlar lug`ati tasdiqlanib bosmadan chiqariladi. Bunday ishlar avtonom respublikada fizikadan savodhonlikni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo`ldi.
1941 yili yurtimizning oliy ta`lim yurtlaridan evakuatsiyalangan olimlar institutimizga kelib boshlashdi. Ulardan dotsent B.D.Frank «Fizika-matematika» kafedrasiga fizika fani o`qituvchisi etib qo`shiladi.
1948-1949 o`quv yilidan boshlab «Fizika» kafedrasi o`z oldiga ajralib, unga katta o`qituvchi A.Juginisov rahbarlik qildi.
XX asrning 60-yillaridan keyingi yillarda kafedraga dotsent A.Nurimbetov, so`ng dots.A.A.Madjitovlar rahbarlik qildilar. Bu yillari kafedraning moddiy-texnik bazasi yaxshilanib yangi uskuna, pribor va apparaturalar bilan uskunalangan. Yangi laboratoriyalar paydo bo`la boshladi. Fizikaning mexanika, molekulyar fizika, elektr va optika bo`limlaridan ma`ruzalarni taqdim etish bilan o`tish uchun demonstratsion auditoriya ishga tushirilib, kinoproektsion apparat, oynali qarang'ilatish, taxtani o`chirib tozalash hamda bashqada ishlar avtomatik ravishda boshqariladigan ahvolga olib kelindi, demonstratsion priborlar tayyorlandi.
Bu ishlarni bajarishda kafedra mudiri A.Nurimbetov, o`qituvchilardan I.P.Yugay, I.Turmanovlar katta mehnat qilganlar. Shu yillari kafedrani ilmiy darajali kadrlar bilan ta`minlashda va Respublika maktablarida fizikadan mutaxassis o`qituvchilarni tayyorlashda dotsentlardan A.Nurimbetov, A.A.Majitov, Q.Berdimuratov va boshqalar faollik ko`rsatdilar. Fizika mutaxassisligini yuqori baholarga tugatgan talabalarni kafedraga ishga olib, ularni Moskva, Leningrad, Kiev, Toshkent va boshqa shaharlarga aspiranturalarga o`qishga yuborish tashkillashtirildi. Natijada kafedra ilmiy darajali kadrlar bilan to`liqtirildi. Ularning ayrimlari shu kungacha Nukus davlat pedagogika institutining va Qoraqalpaq davlat universitetining «Fizika» kafedralarida dotsent, professorlar bo`lib mehnat qilmoqdalar. 1975 yilga kelib «Fizika» kafedrasida 7 fan nomzodi ish olib bordilar.
1990 yil Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining qayta ochilishi bilan shu yili «Fizika va mehnatga o`rgatish» kafedrasi tuzildi. Kafedraga dotsentlardan Q.Paluanov, B.Qaipov, A.Jumamuratov, J.Janabergenovlar rahbarlik qildilar. Hozirgi davrda dotsent K.Turdanov rahbarlik qilmoqda.
1995 yili «Fizika va mehnatga o`rgatish» kafedrasida 13 o`qituvchi, 5 muhandis-texnik mutaxassis ishlab, shulardan 4 o`qituvchi fan nomzodi bo`lgan bo`lsa, hozirgi vaqtda shu kafedradan bo`linib chiqqan «Umumiy fizika» kafedrasida 14 o`qituvchi ishlab, uning 7 o`qituvchisi fan nomzodi, dotsentlar bo`lib talabalarga bilim bermoqda. Bugungi kunda «Fizika-matematika» fakul`tetida 200 dan ortiq talaba «Fizika-astronomiya» mutaxassisligida bakalavr diplomini olish uchun bilim olmoqda. Kafedrada «Fizika» ixtisosligi bo`yicha magistrantlarga ta`lim-tarbiya berilmoqda. Kafedrada 5 fizika laboratoriyasi, komp`yuter sinflari talabalar xizmatida. Ayrim laborotoriyalar virtual laboratoriya turida o`tkazilmoqda. Laboratoriyalar yil sayin yangi uskunalar bilan to`liqtirilmoqda. Kafedra a`zolari byudjetdan tashqari mablag` topish ishlarida ham ko`p mehnat qilmoqda.

Dotsent I.Turmanov «Fizikani o`qitish metodikasi» fanidan laboratoriya mashg`ulotini o`tmoqda
Fizika-matematika fanlari doktori, professor E.Djaqsimov, professorlar Sh.Qaniyazov, B.Abdikamalov, dotsentlar B.Qaipov, I.Turmanov, A.Jumamuratov, B.Yavidov, fizika-matematika fanlari nomzodlari K.Turdanov, J.Janabergenov va M.Jalelovlarning ilmiy maqolalari chet el jurnallarida matbuotdan chiqdi.
«Umumiy fizika» kafedrasi dotsentlari I.Turmanov va S.Joldasovalar «Qoraqalpog`istonga mehnati singan o`qituvchi» unvonini olishga sazovor bo`ldilar.
Kafedra dotsentlari tomonidan O`zbekistonda birinchilardan bo`lib 1993 yili Respublikaning «Fizika» fani o`qituvchilari hamda o`quvchilar uchun «Fizikadan o`quvchilar bilimini test usulida tekshirish» nomli 11,5 b.t.da, 20 000 dona adadida uslubiy qo`llanma bosmadan chiqarildi. «Umumiy fizika» kafedrasi bir nechta ilmiy, oliy o`quv yurtlari va xalq ta`lim idoralari bilan ish olib bormoqdalar. Kafedra dotsenti A.Jumamuratovning rahbarligida 2003-2005 yillar oralig`ida «Orol muammosi krizisini yadrofizikaviy usullar bilan geokimyoviy jarayonlarni o`rganish» mavzusida 10000000 so`m hajmida davlat grant hisobidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi.
2009 yili texnika fanlari nomzodi M.Jumamuratov rahbarligida 100000 AQSh dollari miqdorida «Hududda ekologik havfsizlikni ta`minlash uchun Janubiy Oroldagi geokimyoviy sharoitni tadqiq etish» mavzusida Birlashgan Millatlar Tashkilotining grantini qo`lga kiritib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Dotsent A.Jumamuratov ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Kafedra ilmiy salohiyatini ko`tarish uchun dotsent B.Yavidov O`zbekistan Fanlar Akademiyasining yadro fizika institutiga doktoranturaga, assistent o`qituvchi S.Davletniyazov esa Nizomi nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga bir yil muddatga stajirovkaga yuborildi.
Kafedraning professor-o`qituvchilari O`zbekiston Milliy universiteti, Nizomi nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, G.Ubaydullaev nomidagi o`qituvchilarni qayta tayyorlash va bilimini oshirish instituti, Qoraqalpoq davlat universiteti, O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining yadro fizikasi, Fizika-texnika institutlari va Qoraqalpog`iston bo`limi, shuningdek Angliyaning Lyufboro universiteti, Qozog`iston Respublikasining K.Jubanov nomidagi Aqtube universiteti bilan hamkorlik aloqalariga ega. Atab aytganda B.Yavidov ikki marta Buyukbritaniyada ilmiy safarda bo`lib qaytdi. 2008-2009 o`quv yili Aqtube universitetining «Fizika» mutaxassisligining 4 ta magistri institutimizda 10 kunlik stajirovkada bo`lib, mutaxassislik fanlardan bilimlarini nazariy va amaliy tomondan oshirib ketdilar. Bunday tajriba 2010 yil uchun ham rejalashtirilgan bo`lib, shartnoma tuzilgan.
Iqtidorli talabalarning ilmiy-uslubiy yo`nalishda mahoratini shakllantirish uchun kafedrada «Yosh fiziklar» va «Radiotexnika» to`garaklari xizmat ko`rsatmoqda. Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari bo`yicha Xalqaro, respublika va institut miqyosida o`tkazilayotgan ilmiy, nazariy-amaliy anjumanlarga chiqishlari bilan qatnashmoqdalar.