"Umumiy matematika" kafedrasi
Kafedra tarixi. 1935–1936 yillari Qoraqalpog`iston o`qituvchilar institutining «Fizika–matematika» fakul`teti tashkillashtirilib, bu fakul`tetda bitta «Fizika–matematika fanlari» kafedrasi ochildi va uni Rossiya o`quv yurtlaridan chaqirtirilgan olimlar qatorida kelgan M.V.Sheglov boshqardi.
1936 yili O`rta Osiyo davlat universitetining fizika-matematika fakul`tetini tugatgan O.Buleshov, 1937 yili Buxoro pedagogika institutini tamomlagan M.Galikeev kafedraga ishga keldilar va o`z umrlarining oxirigacha dastlab pedagogika institutida, so`ng Qoraqalpoq davlat universitetida Qoraqalpog`iston yoshlariga matematik bilim berib, ustozlik qildilar.
1948–1949 o`quv yilida «Fizika–matematika fanlari» kafedrasi ikkita «Matematika» va «Fizika» kafedralariga ajraldi.
1950–1960 yillari «Matematika» kafedrasida fizika–matematika fanlari nomzodlari F.V.Tomashevskiy va B.V.Levin, pedagogika fanlari nomzodi A.Z.Nasirovlar ishlab, o`quv-tarbiya ishlarini olib borishi bilan bir qatorda dastlabki fan kandidatlarini etishtirishga o`z hissalarini qo`shdilar.
1954 yili kafedra a`zosi O.Buleshov o`zining nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, Qoraqalpog`istondagi birinchi fizika-matematika fanlari nomzodi bo`ldi.
1965 yili pedinstitut bitiruvchisi, kafedra a`zosi J.Qutlimuratov Moskva davlat universitetida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1969 yili «Matematika» kafedrasi «Matematik tahlil» va «Umumiy matematika» kafedralariga ajraldi. «Umumiy matematika» kafedrasini M.Galikeev boshqardi, bu kafedrada 14 o`qituvchi ishladi, ularning safida fizika-matematika fanlari nomzodlari O.Saparniyazov va I.Maxsudov, pedagogika fanlari nomzodi T.Taubaevlar bor edi.
1970–1976 yillari Toshkent, Moskva, Kiev, Novosibirsk, Kazan` va boshqa shaharlarda tahsil olib kelgan S.Qallibekov, X.Baymuratov, A.Otarov, S.Pirnazarovlar kafedraning ilmiy potentsialini yanada ko`tardi.
1976 yili pedinstitut bazasida Nukus davlat universiteti ochildi, bu universitetning «Matematika» fakul`tetining tarkibidagi «Umumiy matematika» kafedrasining professor–o`qituvchilari Qoraqalpog`iston yoshlariga matematik bilim berishda o`z hissalarini qo`shdilar.

Rasmda «Umumiy matematika» kafedrasining 1975-1976 yillardagi a`zolari: Tuleuov J., Pak T.S., Galekeev M.G., Qallibekov S., Otarov A., Tanirbergenov S., Madreymov I., Auezov O., Jalalov A., Matmuratov A., Uzakov K.
1990 yilning 1 sentyabr kuni yangidan Nukus davlat pedagogika instituti ochildi. Bu institutning "Injener–pedagogika" fakul'teti tarkibida "Matematika-informatika" kafedrasi ochildi.
1996 yili institutda "Matematika–informatika" fakul'teti ochildi, bu fakul'tet tarkibida "Oliy matematika", "Matematikani o'qitish metodikasi" va "Informatika va hisoblash texnikasi" kafedralari bor edi.
1999 yili 24 avgust kuni "Oliy matematika" va "Matematikani o'qitish metodikasi" kafedralari biriktirilib, "Umumiy matematika" kafedrasi ochildi va unga dots.S.Tanirbergenov kafedra mudiri etib tayinlandi. Bu kafedrada shu vaqtda 17 o'qituvchi ishladi, shularning beshtasi fan nomzodlari edi: J.Tuleuov, S.Pirnazarov, S.Tanirbergenov, M.Qasimov va X.Baymuratovlar.
Bugungi kunda kafedrani dots.S.Tanirbergenov boshqarib kelmoqda, kafedrada 23 o'qituvchi ishlaydi, ularning oltitasi fan nomzodlari: S.Tanirbergenov, M.Qasimov, Z.Saparov, S.Dauenov, Q.Elgondiev, G.Qaypnazarovalar.
Oquv–metodik ishlari. Kafedra bakalavr yo`nalishi bo`yicha «Matematika va informatika» ta`lim yo`nalishi talabalariga «Matematik tahlil», «Algebra va sonlar nazariyasi», «Geometriya», «Ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika», «Matematikani o`qitish metodikasi», «Matematik praktikum», «Matematika tarixi», «Funktsiyalar nazariyasi», «Funktsional tahlil», «Differentsial tenglamalar», «Maktab kursi matematikasida murakkab masalalarni echish» fanlaridan, «Fizika va astronomiya» ta`lim yo`nalishi talabalariga «Matematik tahlil», «Algebra va geometriya», «Ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika», «Matematik fizika tenglamalari» fanlaridan, tabiiy va gumanitar fakul`tetlar talabalariga «Oliy matematika asoslari», «Matematika» fanlaridan dars o`qitilishini ta`minlaydi. Bundan tashqari, kafedra professor–o`qituvchilari «5A140101 — Matematika» mutaxassisligi bo`yicha magistratura talabalariga «Funktsiyalar nazariyasi», «Funktsional tahlil», «Algebraning dolzarb masalalari, algebraik strukturalar», «Ko`p o`lchamli geometriya, oliy geometriya va topologiya», «Ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika», «Differentsial tenglamalar», «Matematikaning ilmiy asoslari», «Affin munosabatlar fazosi», «Aralash tiptagi differentsial tenglamalar uchun chegaraviy masalalar», «Matematikaning murakkab masalalarini echish metodikasi», «Matematika bo`yicha maxsus kurslarni o`qitish metodikasi» fanlari bo`yicha ma`ruza va amaliy darslarni o`qitadi.

Kafedraning navbatdagi ilmiy-metodik majlisi.
Shu bilan birga kafedra professor–o`qituvchilari darsliklar, o`quv qo`llanmalar va metodik qo`llanmalarni yozish va bosmadan chiqarish ishlari bilan ham shug`ullanadi. Bugungi kungacha kafedra professor–o`qituvchilarining 25 dan ziyod darsliklari, o`quv qo`llanmalari va metodik qo`llanmalari bosmadan chiqqan. Bundan tashqari kafedra professor–o`qituvchilari umumiy ta`lim maktablari uchun darsliklarni qoraqalpoq tiliga tarjima bilan ham shug`ullanishadi.
Ilmiy–tadqiqot ishlari. Kafedra professor–o`qituvchilari «Differentsiallanuvchi ko`pobrazlilikning metodik masalalari» nomidagi umumiy mavzuda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi, bu umumiy mavzu kafedra a`zolarining initsiativlik individual mavzularini o`z ichiga oladi. Bu ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida keyingi 5 yil ichida kafedra professor–o`qituvchilarining 40 dan ortiq ilmiy maqolalari bosmada bosilib chiqdi. Bundan tashqari, kafedra professor–o`qituvchilari har yili o`tkaziladigan institut professor–o`qituvchilarining, magistrantlarning va talabalarning ilmiy-amaliy konferentsiyalariga o`z bayonatlari bilan qatnashadi, magistrantlarning va talabalarning ilmiy bayonatlariga rahbarlik qiladilar. Shuning natijasida «Matematika–informatika» ta`lim yo`nalishining 4-kurs talabasi Djumabekova Rimma «Ulug`bek» nomidagi davlat stipediyasini olishga sazovor bo`ldi, ilmiy rahbari dotsent M.Qasimov.

"Ulug'bek" stipendianti Djumabekova Rimma o'z ustozlari bilan ilmiy ishini muhokama qilmoqda.
Ma`naviy va ma`rifiy ishlar. Kafedra professor–o`qituvchilari institutning, fakul`tetning jamoat ishlariga faol qatnashadi. Ular «Matematika–informatika» ta`lim yo`nalishi talabalari guruhlariga rahbarlik etib, ustoz-shogird vazifalarini bajarib kelmoqdalar.